Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning fevral oyida vazirlik va idoralar tomonidan jami 4,35 trln so‘mlik 77 411 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan.

Bunda:

  • 234,2 mlrd so‘mlik 39 006 ta xaridlar elektron do‘kon,
  • 25,5 mlrd so‘mlik 1 895 ta xaridlar elektron auksion,
  • 203 mlrd so‘mlik 2 103 ta xaridlar eng yaxshi taklifni tanlash,
  • 107,5 mlrd so‘mlik 521 ta xarid tender,
  • 1,5 trln so‘mlik 9 989 ta xaridlar yagona yetkazib beruvchilar bilan,
  • 2,28 trln so‘mlik 23 897 ta xaridlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaklda amalga oshirilgan.

Shuningdek, ayrim davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan.

Jumladan, 2023-yilning fevral oyida jami 25 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha buyurtmachilarga 26 ta taqdimnoma kiritilgan.

Xususan, Uzbekistan Airports tashkiloti 7-fevral kuni 4,3 mlrd so‘mga jihozlar xarid qilish bo‘yicha o‘tkazgan davlat xaridida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasi talabiga zid ravishda davlat xaridlari jarayonida ishtirokchilarga raqobatni cheklovchi shartlar kiritilgan. Ushbu moddada tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifiga va shartnoma shartlariga taalluqli qoidalar mavjud.

Shu kabi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali buyurtmachiligidagi 10-fevral kuni 2,6 mlrd so‘mga “Temir-beton ustun” xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridida qonunning 10 (Raqobat va xolislik prinsipi), 14, 46-moddalari talablari buzilgan. Tashkilot raqobat va xolislik prinsipini buzgan, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani aytilmoqda.

Shuningdek, Toshkent viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligidagi 2023-yil 10-fevral kuni 796 mln so‘mga tibbiy asbob uskunalar sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridida affillanganlik holatlariga baho berilmaganligi aniqlandi.

Mazkur holatlarda xarid komissiyasi tomonidan o‘zaro affillangan ishtirokchilar xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatilmasdan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining 23-moddasi (xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi to‘g‘risidagi) va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi (tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar to‘g‘risidagi) talablar buzilgan.

Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnoma va so‘rovnomalar natijasida 12 ta davlat xaridi bekor qilingan hamda 7 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.