Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda budjet tashkiloti xodimlarining «Tashabbusli budjet» dasturida maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi loyihalarga ovoz berishga majburlanayotgani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Hozirda loyiha doirasida jami 33 ming 600 loyiha uchun 10 milliondan ortiq ovoz berilgan. O‘rganishlariga ko‘ra, yirik mahallalar aholi soni yuqori bo‘lgani sababli ovoz berishda ustunlikka ega bo‘lish holatlari mavjud.

Vazirlik ovoz berishda tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqmoqda.

Xususan, Face ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etiladi. Bunda tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtiriladi.

Kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun ko‘paytirish koeffitsiyenti joriy etish amaliyoti ko‘rib chiqiladi. Bunda kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.

«Bundan tashqari, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini ta’minlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda. Loyihani yanada rivojlantirish yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish va takliflarini hisobga olish maqsadida vazirlik rasmiy kanallarida batafsil ma’lumotlar e’lon qilib boriladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qituvchilarga «Tashabbusli budjet» uchun ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani aytilgandi. Maktabgacha va maktab vaziri Hilola Umarova holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, holat bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlangan.