O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2023 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Zakotning tilladan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 585 probali 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 420 000 (to‘rt yuz yigirma ming) so‘m ekani e’tiboridan, bu yilgi zakot nisobi 35 700 000 (o‘ttiz besh million yetti yuz ming) so‘m etib belgilandi. Shu va bundan ortiq mablag‘ga ega kishi jami mablag‘ning qirqdan bir qismi (2,5%) ni ajratib, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.

Fitr sadaqasi quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi.

2023 yil uchun fitr sadaqasining miqdori:

  • 2 kilogramm bug‘doy 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
  • 4 kilogramm arpa 20 000 (yigirma ming) so‘m;
  • 2 kilogramm mayiz 100 000 (yuz ming) so‘m;
  • 4 kilogramm xurmo 180 000 (bir yuz sakson ming) so‘m deb belgilandi.

Fidya miqdori fitr sadaqaning miqdori bilan bir xil bo‘ladi.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi, deyiladi xabarda. Mazkur narxlar Toshkent shahridagi narxlarga asosan belgilangan, har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.