11 mart kuni prezidentning «Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan «Nuroniy» jamg‘armasiga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyiliga muvofiq yoshlar har bir mahalladagi faol nuroniylarga biriktiriladi. «Nuroniy har bir oilaga mas’ul» loyihasi asosida muammoli oilalarning har biriga «Keksalar maslahati» guruhlarining bir nafardan a’zolari biriktiriladi.

«Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyili hamda «Nuroniy har bir oilaga mas’ul» loyihasi asosida faoliyat olib borgan va ijobiy natijalarga erishgan nuroniylarni «Nuroniy» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib borish tizimi joriy etiladi.

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan «Keksalar maslahati» guruhlari rahbarlari har chorakda BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida rag‘batlantiriladi.