Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida erkak o‘zi va xotinini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2 mart kuni soat 08:20 atrofida Yangiyer shahar tibbiyot kollejida «Davlatobod» mahallasida yashovchi fuqaro R. U. o‘zidagi oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘i D. U.ning o‘ng bo‘yin, o‘ng va chap ko‘krak, chap oyoq boldir sohalariga jami yetti marotaba urib, qasddan o‘ldirgan. 41 yoshli marhuma kollejning 2-bosqichida o‘qigan, voqeaga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng 46 yoshli R. U. sodir qilgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish maqsadida qo‘lidagi pichoq bilan o‘zining bo‘yin va ko‘krak sohalariga ikki marotaba urib, o‘ziga-o‘zi og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.

Fuqaro R. U. olgan tan jarohatlari bilan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, kasalxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiyer shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.