Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisini 2023 yilning 2 mart kuni chaqiriladi, deya xabar qildi yuqori palata matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator qonunlar va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Xususan, «Raqobat to‘g‘risida»gi, «Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi, «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Moliyaviy iste’mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi, «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, senatorlar Oliy Majlis Senatining 2022 yildagi faoliyati va 2023 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari borasidagi masalani ko‘rib chiqadi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axborotini eshitadi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash ham nazarda tutilgan.