Fevral oyida professional diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda «o‘zboshimchalik bilan shaxsiy diniy tushunchalarini boshqalarga pul evaziga sotishni kasb qilib olgan» qator fuqarolarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Xususan, Sergeli tumanidagi «Yangi Sergeli» mahallasida joylashgan Yasin academy nomli o‘quv markazida arab tilini o‘rgatish bahonasida fuqarolarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berish holati aniqlangan.

O‘quv markazi rahbari fuqaro A.N. arab tilini o‘qitishga tegishli ruxsatga ega bo‘lmasdan, mehnat qonunchiligiga zid ravishda hech qanday shartnoma, buyruqlarsiz o‘zaro og‘zaki kelishuv asosida fuqarolar N.Sh. va Sh. I.larni jalb qilib, 5 nafar voyaga yetmagan maktab o‘quvchisiga moddiy manfaatdorlik evaziga o‘z shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda noqonuniy diniy ta’lim bergan.

Mirobod tumanida fuqaro A.L. Telegram messenjerida «Tanishlarim» nomli virtual guruh tashkil qilib, hech qanday diniy bilimga ega bo‘lmasdan 3 nafar fuqaroga moddiy manfaatdorlik evaziga onlayn tarzda noqonuniy diniy ta’lim berib kelganligi aniqlangan.

Shayxontohur tumanidagi «Bo‘ston» mahallasida ijarada yashovchi fuqaro K.K. va uning turmush o‘rtog‘i X.M.lar yashash manzilida moddiy manfaatdorlik evaziga 4 nafar voyaga yetmagan shaxsga noqonuniy diniy ta’lim bergani ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlanishia, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunining 3-moddasiga binoan diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish qonunga xilof diniy faoliyat hisoblanadi hamda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Tegishli sud idoralari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) muvofiq, fuqarolar A.N.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida, Sh. I., K.K. va X.M.ga — 5 barobar, N.Sh.ga — 3 barobar, A.L.ga — 1 barobar miqdorda jarima jazosi tayinlandi.

Boshqarma diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 229−2-moddasiga (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) asosan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.