24 fevral kuni prezident «Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni (PQ-73-sonli) imzoladi.

Unga ko‘ra, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Ipakchilik va tutchilik fakulteti ochildi.

Shuningdek, 2023 yil 1 martdan 2026 yil 1 yanvargacha pillani qayta ishlash va pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchilarga ular tomonidan bevosita pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har quti ipak qurti urug‘i uchun 120 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

Qarorda «O‘zbekipaksanoat» hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmalari ishtirokchilarining tegishincha Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutini va O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot institutini Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, shu jumladan, ularning mol-mulkini balans qiymatida bepul o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif ma’qullangani qayd etilgan.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi bilan birgalikda 2023 yil bahorgi pilla yetishtirish mavsumidan boshlab tajriba tariqasida pillachilik klasterlari hamda Toshkent viloyati Bo‘ka va Ohangaron tumanlarida joylashgan manzil-koloniya tipidagi jazoni ijro etish muassasalari o‘rtasida pilla xomashyosini yetishtirish yuzasidan shartnomalar tuzish amaliyotini yo‘lga qo‘yishi ta’kidlangan.

«Qishloq xo‘jaligi vazirligi qo‘mita bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun berilgan yer uchastkalari atroflariga ihota sifatida pilla xomashyosi yetishtirishda ozuqa sifatida foydalaniladigan tut daraxtlarini ekish majburiyatini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi», — deyiladi qarorda.

2023 yil 1 apreldan boshlab «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan o‘zlari ishlab chiqargan ipak mahsulotlarini eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab 360 kun etib belgilandi.

1 martdan xom ipakni eksport qilish tartibi soddalashtiriladi. Ma’lumot uchun, prezident qarorida ko‘zda tutilgan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga ular tomonidan yetishtirilgan pilla (ho‘l pilla) hosili uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi. 2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha pillaning har kilogrammi uchun 5 ming so‘m subsidiya beriliishi nizomda keltirib o‘tilgan.