Suriyadagi terroristik tashkilot faoliyatida ishtirok etgan namanganlik yigit 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

1999 yilda tug‘ilgan, Namangan shahrida yashovchi fuqaro 2020 yilning sentabr oyida mavsumiy ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, tikuvchilik sexida ishlagan. Bu vaqtda internet orqali «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti sobiq yetakchisi «Abu Saloh»ning ma’ruzalarini tinglagan. Oqibatda unda ekstremistik qarashlar shakllangan, deyiladi xabarda.

So‘ngra «Tavhid va jihod katibasi» jangarilari safiga qo‘shilishni maqsad qilgan. Internet orqali mazkur tashkilotning 2 a’zosi bilan tanishib, ularning yo‘l-yo‘riqlari asosida 2021 yilning yanvar oyida Suriyaga o‘tgan.

«Kechki payt kelib, bizni olib chiqib ketgan. Devordan sakrab o‘tish uchun kichkina narvoncha ham olgandi. Keyin biz askarlar yo‘q payti narvonni devorga qo‘yib, Suriya davlatiga o‘tganmiz», — deya ta’kidladi ayblanuvchi.

Aniqlanishicha, u o‘sha yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti joylashgan hududni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan.

24 yoshli yigit 2022 yilning iyun oyida O‘zbekistonga olib kelingan hamda DXX Tergov boshqarmasi unga jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tumani sudi unga hukm o‘qidi. Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 155−2 moddasining 1-qismi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) va 244−2 moddasining 1-qismi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan aybdor deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.