AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 28 fevraldan 3 martgacha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Hindiston mamlakatlarida bo‘ladi, deya xabar bermoqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati.

U tashrifni Ostona shahridan boshlab, mintaqadagi beshta davlat vakillari bilan «AQShning Markaziy Osiyodagi davlatlar mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlash va umumglobal muammolarga yechim izlashda mintaqa bilan hamkorlik uchun» C5+1 (Markaziy Osiyo mamlakatlari + AQSh) vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.

Ta’kidlanishicha, C5+1 vazirlar yig‘ilishida AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, energetika, atrof-muhit va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Shundan so‘ng Entoni Blinken Toshkentga keladi va bu yerda rasmiylar bilan «bir qator mintaqaviy va ikki tomonlama masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish» yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Bu uning O‘zbekistonga birinchi tashrifi bo‘ladi.

1 mart kuni u Nyu-Dehliga jo‘nab ketadi. Unda G20 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, barqaror rivojlanish, giyohvandlikka qarshi kurash, global sog‘liqni saqlash, gumanitar yordam va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, gender tenglik va ayollar huquqlarini kengaytirish sohalarida ko‘p qirralilikni mustahkamlash va hamkorlikni chuqurlashtirishga e’tibor qaratiladi.