Prezidentning 15 fevral kuni «Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Davlat rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi — O‘zenergoinspeksiya tashkil etildi.

Inspeksiyaning davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilandi.

Quyidagilar O‘zenergoinspeksiyaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘ladi:

  • yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish (qazib chiqarish), qayta ishlash, uzatish (tashish), taqsimlash va iste’mol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;
  • bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilg‘i-energiya resurslari hajmi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash va bartaraf etish;
  • yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan (aholidan tashqari) energetika obyektlarida baxtsiz hodisalar va texnologik buzilishlar (avariyalar)ning oldini olish chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini iste’mol qilish samaradorligining monitoringini olib borish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha iste’molchilar (aholidan tashqari) tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash, shuningdek, mahsulot birligini ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) uchun yoqilg‘i-energiya resurslari iste’molining me’yorlari bajarilishi va kelgusida takomillashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan O‘zenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi. Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar uning qonuniy talabiga ko‘ra bepul taqdim etiladi.

O‘zenergoinspeksiya prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari o‘rnatilishini nazorat qiladi va belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.

Qabul qilingan qarorda, shuningdek, bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari:

  • O‘zenergoinspeksiya zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishga amaliy yordam ko‘rsatadi;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatini muvofiqlashtiradi.