Soliq qo‘mitasi 1 oktabrga qadar tajriba tariqasida QQS to‘lash bo‘yicha soliq uzilishi aniqlanganda soliq nazorati tadbirlarini amalga oshirishi mumkin, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

QQS bilvosita soliq bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun uning neytralligi hisob-kitob mexanizmi orqali ta’minlanishi sababli, tovar (xizmat)lar realizatsiyasining har bir bosqichida soliq budjetga to‘lanishi zarur. Shuni amalga oshirish maqsadida intizomsiz soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni noqonuniy qoplashni oldini olish bo‘yicha tajriba o‘tkaziladi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, bu Yevropa va MDH davlatlarida keng qo‘llaniladigan butunjaxon amaliyotidir. Ushbu mamlakatlarning soliq ma’murchiligida tovar (xizmat)larni yetkazib berish zanjirida QQS uzilishlari aniqlanganida soliqni asossiz qoplashda nafga ega bo‘layotgan benefitsiarlarni aniqlash uchun bunday yetkazib berish jarayonlarida ishtirok etgan barcha shaxslarga nisbatan qat’iy soliq nazorati tadbirlari o‘tkaziladi.

«Soxta tadbirkor soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni budjetga to‘lamaslik shart-sharoitlarining yaratilishi tovar (xizmat)larni yetkazib berish zanjirining barcha ishtirokchilarini, hatto ular bilan bog‘liq bo‘lmagan insofli tadbirkorlarni, soliq huquqbuzarligi sodir etlishi mumkin bo‘lgan xavf guruhiga kirib qolishiga olib kelmoqda», — deyiladi xabarda.

Shu bois, soliq organlarining vazifasi haqiqiy benefitsiarlar hamda ularga aloqador shaxslarni va noqonuniy qoplangan soliqlarni aniqlashdan iborat. Bugungi kunda qo‘mitaning soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish tajribasi qo‘shilgan qiymatni yaratish va o‘tkazish, shuningdek, QQSni budjetga to‘lash zanjirining to‘liq xaritasini shakllantirish imkonini beradi.

Qo‘mita ushbu imkoniyatdan kelib chiqib, soliq uzilishi ko‘rsatkichini qo‘llashni faqat soliqdan qochishning agressiv usullariga murojaat qiladigan intizomsiz soliq to‘lovchilarga nisbatan amalga oshiradi.

Ta’kidlanishicha, manzilli ishlar firibgarlik sxemalardan foydalangan holda asossiz soliq nafi olish bilan bog‘liq bo‘lmagan insofli soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish imkonini beradi. Bunday aniq va manzilli ishlarni amalga oshirish zarurligi ishbilarmon doiralar va professional jamoatchilik vakillari tomonidan ham bildirilgan.

Tajriba doirasida o‘tkaziladigan soliq nazorati choralari ommaviy xarakterga ega bo‘lmaydi. Tajriba keng jamoatchilik va ekspertlar hamjamiyatini jalb qilgan holda o‘tkaziladi va uning natijalari, jumladan, dastlabkilari OAVda yoritiladi.