Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarida giyohvand moddalari bilan bog‘liq holatlarni aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro Urgut tumaniga borib, 1992 yilda tug‘ilgan tanishidan 1 kg 916 gr «opiy» moddasini olib, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Nexia 2 rusumli avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib ketayotgan vaqtida Bulung‘ur tumanida ushlandi hamda undan giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, unga ushbu moddani bergan fuqaroning Urgut tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 7 kg 331 gr «opiy» moddasi borligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, DXX Navoiy va Jizzax viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro 469 gr «opiy» moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Ta’kidlanishicha, mazkur shaxs muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida u giyohvandlik moddasini Urgut tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqarodan 5 ming AQSh dollariga sotib olgani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Namangan shahrida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan ayol Bekobod shahrida hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqarodan 1 kg 696 gr «gashish» moddasini Namangan viloyatiga yetkazib berish uchun olib, Ohangaron shahrida Farg‘ona vodiysiga qatnaydigan avtomashinalar turargohiga borayotgan vaqtida DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Aniqlanishicha, narkotik moddani Namangan viloyatining Pop tumaniga olib borib, kerakli joyda qoldirib ketishi uchun ayolga 200 AQSh dollari berilgan.

Ta’kidlanishicha, barcha holatda giyohvandlik vositalari mamlakatga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.