Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalar elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqida joriy yilgi Davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tildi.

Ushbu amaliyot Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida — 2023 yil 1 iyuldan, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida — 2023 yil 1 oktabrdan boshlab, respublikaning boshqa hududlarida esa — 2024 yil 1 yanvardan boshlanadi. 2024 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlanadi.

Loyihaga ko‘ra, 2023 yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 oilaviy shifokorlar punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi.

18−40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlardan o‘tkazish, spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolalarni dori vositalari bilan ta’minlash belgilangan.

Bundan tashqari, eshitish zaifligi mavjud bo‘lgan 250 dan ortiq bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar o‘tkazilgan 132 nafar bolalarda nutq protsessorlarini almashtirish choralari ham ko‘riladi. Mazkur amaliy tadbirlarga esa 308,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Qayd etilishicha, loyihada 2023 iyuldan Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari ham joriy yetiladi. Bunda tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish yaxshilanishi hisobiga aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshadi.

Shuningdek, 2023 yil yakuniga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lami 30 ming nafarga yetkaziladi. Natijada, bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatini olayotgan nogironlar soni amaldagi 15 ming nafardan 30 ming nafargacha yetkaziladi.

Mazkur tadbirlarga esa joriy yilda qo‘shimcha 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.