Energetika vazirligi 2 fevraldan boshlab barcha hududlardagi AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishini ma’lum qildi.

Sovuq kunlarda tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Bugungi kunda gaz quvurlarida bosimning me’yorga kelishi natijasida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash imkoni yaratilmoqda.

Shu sababli, 2 fevraldan boshlab mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Ularning faoliyat yuritish vaqti hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan tarzda amalga oshiriladi.

«AGTKSHlar faoliyatidagi vaqt cheklovlari gaz quvurlarida bosimning ko‘tarilib borishiga mos ravishda o‘zgartirib boriladi», — deyiladi xabarda.