Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarma xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Guliston shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yer savdosi bilan shug‘ullangan 2 fuqaro oldindan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Gap shundaki, Sirdaryo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi ukasi bilan Sayxunobod tumani hududidagi 5 gektar yerni tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.

Mazkur maydon 2020 yilda viloyat hokimligining bayonnomasi asosida daryo o‘zanini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash va qum-shag‘al qazib olish maqsadida istisno tariqasida, auksion savdolariga qo‘yilgunga qadar foydalanish uchun Sirdaryo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimiga qarashli MCHJga biriktirilgan.

Biroq 2022 yilda viloyat hokimligining tegishli bayonnomasi bilan ushbu biriktiruv bekor qilingan.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.