Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni o‘tkazgan yig‘ilishda tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangicha tashkil qilish kerakligi haqida gapirdi. Bu haqda uning matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbari farmoniga muvofiq, 1 yanvardan O‘zbekistondagi barcha — 208 ta tuman va shahar iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratilgandi. Toifaga qarab bu tumanlarga soliq imtiyozlari, subsidiya ajratish tartibi va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanadi.

Yig‘ilishda 4 va 5-toifalarga kirgan og‘ir tumanlar hokimlari o‘z ish uslublari va yondashuvlarini o‘zgartirishi shartligi qayd etildi. Shu bilan birga, ushbu tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish ishlari ham yangicha tashkil qilinadi.

Bunda birinchi bosqichda «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar tuziladi. Oila uchun kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik loyihasi amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev mahalladagi ishsiz aholini daromadli qilish maqsadida 1 aprelga qadar har bir viloyatda kamida 5 tadan mikromarkazni ishga tushirish zarurligini ta’kidladi. G‘ijduvon, Buloqboshi, Zangiota, Farg‘ona tumanlari, Qo‘qon, Marg‘ilon, Urganch shaharlarida kamida 20 tadan shunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, 2023 yilda yana 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yildi.