23 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:26 da Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasining Mineralniye Vodidan uchgan samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ndi, deya xabar bermoqda Uzbekistan airports matbuot xizmati.

Mineralniye Vodi-Samarqand-Mineralniye Vodi yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar Sukhoi Superjet 100 samolyotida haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shu paytga qadar «Azimut» aviakompaniyasi Mineralniye Vodi shahridan Toshkent, Qarshi, Navoiy, Urganch, Buxoro xalqaro aeroportlariga muntazam reyslarni hamda Farg‘ona va Namanganga charter reyslarini amalga oshirib kelgan.

Bundan tashqari, aviatashuvchi Toshkent va Samarqandni muntazam qatnovlar orqali Moskva bilan bog‘laydi.