Namangan viloyatida narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent-Namangan yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt Pop tumani G‘urumsaroy qishlog‘ida tekshirilgan. Uning yukxonasida 1 kg 874 gr opiy moddasi borligi va u mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaroga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Xizmatning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB hamda bojxona boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, ushbu modda Toshkent viloyati Bekobod tumaniga Tojikistondan uchinchi shaxslar orqali o‘tkazilgan.

Shuningdek, Namangan-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti ham Pop tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda 901 gr opiy borligi va u mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxsga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Narkotik modda esa Namangan viloyatiga uchinchi shaxslar orqali Qirg‘izistondan o‘tkazilgan. Ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi ko‘p bosqichli tezkor tadbir o‘tkazib, jarayonda Navoiy va Samarqand viloyatlarida Tojikistondan kirib kelgan 5 kilogrammga yaqin gashish va opiy moddalari aniqlangandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilishi ma’lum qilingan.