Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, Tojikistondan keltirilgan qariyb 5 kilogramm narkotik modda musodara qilindi.

Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Karmana tumanida Spark mashinasi to‘xtatilib tekshirilgan. Shu paytda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urganch tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.B.ning yonida 992 gr gashish borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Surishtiruv harakatlari davomida u narkotik moddani Urgut tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan T.M.dan sotib olgani ma’lum bo‘lgan va u ham qo‘lga olingan.

Ushbu shaxs moddani Samarqand shahrida yashovchi fuqarolardan xarid qilgani aniqlangan va uning ishtirokida nazorat ostida olish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan ayol X.X. va uning turmush o‘rtog‘i — 1982 yilda tug‘ilgan X.F. 2 kg 966 gr gashish moddasini 21 ming dollarga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Tezkor tadbir davomidaYu shuningdek, Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan X.M. ham 954 gr opiy moddasini Samarqand shahrida sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Tekshiruvlar davomida giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgani aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.