16 yanvar kuni prezident «Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zA saytida e’lon qilindi.

Unda 2023−2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiya doirasida sudlar faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi. Shuningdek, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish odil sudlovni ta’minlashning vazifalaridan biri etib belgilandi.

Farmonga ko‘ra, sudga hurmatsizlik qilish holatlarining oldini olish uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi va jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Sudyaga nisbatan faqat bosh prokurorning sanksiyasi asosida turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar va boshqa so‘zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kurerlik jo‘natmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga bo‘lgan huquqlar cheklanishi mumkin.

Endilikda Odil sudlovni amalga oshirishda ixtisoslashgan prokurorlar korpusi ko‘maklashadi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmalari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘yicha tegishli bo‘lim va tarmoqlari;
  • tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli o‘rinbosari va yordamchilari.

Ular o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Ularning sudda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

2023−2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatida 1 sentabrgacha «Sudlarda prokuror ishtiroki» axborot tizimi sinov tarzida ishga tushadi, 2024 yildan amaliyotga to‘liq joriy etiladi.

Shuningdek, ayrim toifadagi fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rish vakolati ma’muriy organlarga o‘tkaziladi. Ayrim toifadagi jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni quyi instansiya sudlarining o‘zida yakunlash tartibi belgilanadi. Ayrim yo‘nalishlarda prokuror nazorati qisqartiriladi, Bosh prokuratura huzuridagi tashkilotlar shtat birliklari maqbullashtiriladi hamda uning hisobidan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi shtat birliklari soni ko‘paytiriladi. Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari sud binolarida o‘tiradi.

Qolaversa, Oliy sud tizimida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etiladi.