Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani va Qo‘qon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan mayneng fermalar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlar qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Xususan, O‘zbekiston tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «K.A.» MCHJ rahbari M.A. korxonaning Uchko‘prik tumanidagi yordamchi xo‘jaligida go‘yoki kompyuter texnikalarini ta’mirlash sexini tashkil etib, amalda 179 dona Antminer mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagani aniqlandi. 794,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Qo‘qon shahridagi tekshiruvda fuqaro S.S. O‘rikzor ko‘chasidagi uyida go‘yoki muzlatkichlarni ta’mirlash sexi tashkil etib, amalda 6 dona Antminer mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, 126,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 283,8 mln so‘m zarar yetkazganligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185−2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.