Shavkat Mirziyoyev 12 yanvar kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o‘tkazilgan «Global Janub ovozi» sammiti yalpi majlisida nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Hindistonning «Katta yigirmatalik»ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirda Vetnam Respublikasi prezidenti Nguyen Suan Fuk, Gayana Respublikasi prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik Respublikasi prezidenti Filipe Nyusi, Senegal Respublikasi prezidenti Maki Sall, Bangladesh Xalq Respublikasi bosh vaziri Shayx Xasina, Mo‘g‘uliston bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand Qirolligi bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja Qirolligi bosh vaziri Xun Sen va Papua — Yangi Gvineya Mustaqil Davlati bosh vaziri Jeyms Marape qatnashdi.

global жануб ovozi, шавkaт мирзиёев, ҳиндистон

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy vazifalar borasida fikr bildirdi.

«Bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelmoqda. Biz xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va o‘zaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston yetakchisi qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyotning istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol o‘rni va roli alohida ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston prezidenti Hindistonning G20ga raisligini qo‘llab-quvvatlab, kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator amaliy takliflarni ilgari surdi.

global жануб ovozi, шавkaт мирзиёев, ҳиндистон

Avvalo, bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini «Global Janub ovozi»ni e’tiborga olgan holda takomillashtirish taklif qilindi.

Asosiy bozorlarga chiqishda hamon turli to‘siq va cheklovlarga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.

Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global logistika va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko‘maklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan o‘rin olishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

«Shimol-Janub» xalqaro yo‘lagi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini faol ilgari surish. O‘zbekiston yetakchisi hamkorlarni ushbu muhim loyihada ishtirok etishga chaqirdi.

Navbatdagi dolzarb masala inson kapitalini rivojlantirish va professional ta’lim sifatini oshirish ekani ko‘rsatib o‘tildi.

«Iqtidorli yoshlarimizni iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, «Janub yoshlari ovozi» doimiy muloqot platformasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekiston ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston prezidenti Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram — Respublika kuni bilan samimiy tabrikladi.