Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida (O‘rtasaroyda) «Dok-1 Maks» dori vositasini iste’mol qilgan 2 yoshli bola vafot etgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, hozirgi kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga «Dok-1 maks» siropi iste’moli natijasida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelingan. Ulardan 5 nafari sog‘ayib, uyiga qaytarildi, 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda, ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda.

«Toshkent viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalarida shu paytgacha „Dok-1 Maks“ preparatidan zaharlanish tufayli o‘lim holati kuzatilmagan», — deyiladi munosabatda.

Ta’kidlanishicha, hozirda hududlardagi barcha dorixonalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va tuman-shahar tibbiyot birlashmalari xodimlari tomonidan o‘rganish olib borilib, Quramax kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari yig‘ishtirib olingan.

«Aholi orasida dori-darmonlarni shifokor ko‘rsatmasisiz, palapartish iste’mol qilishning salbiy oqibatlari bo‘yicha shifokor va patronaj hamshiralari tomonidan uyma-uy yurib, tushuntirish olib borilmoqda. Bu jarayonda xonadonlardagi shaxsiy dori qutilari ham ko‘zdan kechirilmoqda», — deyiladi xabarda.