Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Soliq va budjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda palata matbuot xizmati.

Qonun loyixasi bilan Soliq kodeksining 70-bobini (Advokatlar hay’atlariga, advokatlik firmalariga, advokatlik byurolariga va advokatlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) chiqarib tashlash yo‘li bilan advokatlik tuzilmalarini qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylantirish nazarda tutilmokda.

«Bu kabi omillar advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamning qiymati oshirilishiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordamni olish imkoniyati pasayishiga sabab bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, xalq vakillari kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar advokatlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytib, uni chiqarib tashlash taklifini ilgari surdi.

Uzoq davom etgan tortishuvlar, savol-javoblar va baxs-munozaralardan so‘ng, deputatlar taklifi bilan ushbu norma qonun loyihasidan chiqarib tashlandi, deyiladi xabarda.