Oliy Majlis Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisini 2022 yil 27 dekabr kuni chaqiriladi. Bu haqdagi qaror 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yo‘nalishlar, shuningdek, «2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi, «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida»gi, «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga navbatdagi yalpi majlisda «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlarni ham ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining 2022 yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilinadi.

Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash ham nazarda tutilgan.