Markaziy bank 26 dekabridan boshlab nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga ko‘rinishida pul belgilari muomalaga chiqarilishini ma’lum qildi.

Tanga ko‘rinishidagi pul belgisi 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat bo‘lib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

Uning diametri — 26,27 mm., ichki disk diametri — 17,6 mm., qalinligi — 1,6 mm., og‘irligi — 7,3 gr. Old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan «Islom sivilizatsiyasi markazi»ning binosi tasvirlangan. Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati 1000 raqami va lotin bosma harflarida so’m so‘zi yozilgan.

Tanganing orqa tomoni (revers) markazida O‘zbekistonning davlat gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi bo‘ylab bosma lotin harflarida aylanasimon ko‘rinishda O’zbekiston markaziy banki so‘zlari yozilgan.

Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil — 2022 raqami ko‘rsatilgan. Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

Qayd etilishicha, muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga ko‘rinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001 yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi.

Ya’ni, 2001 yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi.

Shuningdek, yangi ko‘rinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.