21 dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralarining 400 dan ortiq vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tomonlar ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda bevosita hududlararo aloqalarni kengaytirish, ikkala mamlakat hududida O‘zbekiston va Qozog‘iston viloyatlarining sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarini o‘tkazish, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari — Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin O‘zbekiston mamlakatning Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkori ekanini, forumning o‘tkazilishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va jahon bozorida Markaziy Osiyo brendlarini yaratish muhimligining yana bir isboti ekanini ta’kidladi.

Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari taqdimotlar o‘tkazdilar. Ularda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va hamkorlikda amalga oshirishga mo‘ljallangan tayyor istiqbolli loyihalar taklif etildi.

Forum yakunlari bo‘yicha Samarqand va Turkiston shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida Bitim, qishloq xo‘jaligi sohasiga doir investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini mujassam etgan alohida «Yo‘l xaritasi», shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlar imzolandi.

Forum davomida tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish dinamikasiga so‘nggi yillarda ikki baravar ko‘payib, 5 milliard dollarga yaqinlashgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi, deyiladi vazirlik xabarida.