Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 21 dekabr kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

«Toshkent» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Davlat rahbarlari bir-birlarini samimiy qutlab, qisqa suhbat o‘tkazdilar.

Shundan so‘ng Qozog‘iston yetakchisi «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tashrif buyurib, an’anaga ko‘ra, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Qasim-Jomart Toqayev majmua me’moriy yechimlari hamda kompozitsiyasining mazmun-mohiyati va xususiyatlari bilan batafsil tanishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralarda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilinishi aytilgandi.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni ilgari surish, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, faol hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish kabi asosiy masalalar o‘rin olgan.

Davlat rahbarlari bir qator yirik investitsiya loyihalarini boshlab berishi rejalashtirilmoqda.

Foto