O‘zbekistonda «ona tilimiz»ga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr, seshanba kuni mamlakat parlamentiga yo‘llagan Murojaatnomasida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari ta’lim sohasida qilinishi kerak bo‘lgan va qilinadigan ishlar haqida ma’lumot berarkan, «ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimiz» (o‘zbek tili) haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Milliy o‘zligimizning timsoli bo‘lgan, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, oilamizda ham chet tilini bilish albatta kerak, bu ham hozir zamon talabi. Lekin ona tilini bilishga majbur qilishimiz kerak. Majbur!», — dedi prezident.

Prezidentning bu so‘zlarini yig‘ilish qatnashchilari qarsaklar bilan kutib oldi. Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etib, «mening farzandim chet tillarini biladiyu, ona tilini bilmaydi, degan gap Yangi O‘zbekistonga ma’qul emas»ligini ta’kidladi. «Chet tilini bilishi kerak, lekin ona tilini bilishga majbur», — deya qo‘shimcha qildi prezident.