Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnoma davomida 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi.

Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi «qo‘l boshqaruvi»dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.

«Ochiq aytish kerak — hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘p, keraksiz shtatlar bor. Markazlashuv yuqori. Oqibatda, bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanmoqda. Vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, „ovozi yo‘q“. Ya’ni, ularning ushbu qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy qilishdagi ishtiroki va mas’uliyati yetarli emas», — dedi prezident.

Prezident shuning uchun yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi.

Uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan ushbu islohot doirasida:

  • Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi;
  • har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi;
  • ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi;
  • davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30−35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.