«Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. 15 dekabr kuni prezident mazkur [O‘RQ-809-sonli] hujjatga imzo chekdi.

Qonunga genderga oid audit tushunchasi kiritildi. Bunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, shuningdek genderga doir kompleks yondashuv o‘rganiladi hamda baholanadi.

Genderga oid auditning asosiy vazifalari:

  • davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini o‘rganadi.
  • davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatini genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini o‘rganib chiqadi.
  • xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilish holatini baholaydi.
  • xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida o‘tkaziladi.

Shuningdek, genderga doir kompleks yondashuv tushunchasi ham qonunda belgilandi. Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatini, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.