Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilish avvalida davlat rahbari so‘nggi kunlarda aholini qiynayotgan energiya ta’minoti masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

Oxirgi olti yilda sohada katta o‘zgarishlar bo‘lgani, jumladan:

  • 5 ming megavattdan ortiq yangi elektr quvvatlari yaratilgani (avvalgi 25 yilda bor-yo‘g‘i 3,3 ming megavatt quvvatlar ishga tushgan);
  • 45 ming kilometr elektr tarmoqlari va 13 mingdan ortiq transformator punktlari yangilangani (bu ham avvalgi yillarga nisbatan 3−4 baravar ko‘p);
  • suyultirilgan gaz va ko‘mir ishlab chiqarish hajmlari 1,5 baravarga oshgani ta’kidlandi.

«Lekin bir hafta bo‘lgan sovuqda O.Ramatov, M.Abdullayev, F.Abduraxmanov, D.Isakulov, U.Mustafoyev, B.Normatov, B.Eshmurodov, viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlari pastda ishlamagani ko‘rinib qoldi. Ular qishga tayyorgarlikni barbod qildi, shuncha qilayotgan islohotlarimizni obro‘sizlantirdi. Vaholanki, ularning tizimida 115 mingdan ziyod xodimlardan iborat katta armiyasi bor. Ular ham oylik oladi», — dedi prezident.

Yig‘ilishda bugungi og‘ir vaziyatda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘irliklar davom etayotgani, bunga joylardagi rahbarlar befarq va sherik bo‘layotganiga chidab bo‘lmasligi qayd etildi.

Dekabr oyi boshidan qariyb 3 mingta, so‘nggi ikki kunda esa 1,5 mingta bunday holat aniqlandi. Ular ayniqsa, Farg‘ona (617 ta), Andijon (325 ta), Samarqand (252 ta), Namangan (220 ta), Sirdaryo (218 ta), Toshkent shahrida (269 ta) ko‘p.

Misol uchun, elektrdan 8 million kilovatt o‘g‘irlangan, bu — kuz-qish mavsumida 41 ming hovli uylarning bir oylik iste’moliga teng. Shu bilan birga, 11,5 million kub metr yoki 19 ming xonadonning bir oylik iste’moliga teng tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlandi.

O‘tgan hafta Namanganda 110 tonna, Qoraqalpog‘istonda 22 tonna aholiga berilishi kerak bo‘lgan ko‘mir noqonuniy ravishda sotib yuborilgan.

«Bu viloyatlar hokimi, prokurori, ichki ishlar idoralari nima bilan band?», — deb savol qo‘ydi Prezident.

Viloyat hokimlari qozonxona, gaz va ko‘mir tarqatish shoxobchalari, avtopark, elektr tarmoqlariga borib, ishlarni ko‘zi bilan ko‘rmagani, bu ishlarni tashlab qo‘ygani keskin tanqid qilindi.