15 dekabr kuni Markaziy bank Boshqaruvining oraliq yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Regulyator bu bo‘yicha batafsil izoh berdi.

Ma’lumot berilishicha, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsa ham, ichki bozorda narxlarga bo‘lgan bosimlar saqlanib qolmoqda. Aholi inflyatsion kutilmalari, umumiy inflyatsiyaning so‘nggi 3−4 oyda sezilarli o‘zgarmaganligi va ayni paytda bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi trendi iqtisodiyotda «nisbatan qat’iy» pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Iste’mol bozorlarida talab va taklifga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga bo‘lgan bosim yuqoriligicha qolmoqda.

Noyabr oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,3 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 7,8 foizga qimmatlashdi.

Noyabr oyi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 14,3 foizni tashkil etgani holda o‘tgan oylar darajasida qolmoqda.

Shuningdek, yillik bazaviy inflyatsiya noyabrda 13,4 foizgacha tezlashib, uning umumiy inflyatsiyadagi hissasi 10,1 foiz bandgacha oshdi.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat, tashqi iqtisodiy operatsiyalar hajmining sezilarli o‘sishi va iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalarining ortib borishi fonida iqtisodiy faollikda barqarorlik saqlanib qolmoqda.

Jumladan, iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi 51,1 birlikni tashkil etdi.

2022 yilning yanvar-noyabr oylarida banklar tomonidan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,7 foizga, xususan, uy xo‘jaliklariga 1,6 barobar ko‘p kreditlar ajratildi.

Nafaqa va ish haqilarning oshirilishi hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishi, o‘z navbatida, savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida pul tushumlari hajmini o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,5 foizga o‘sishiga omil bo‘ldi.

Umuman olganda, iqtisodiy faollikning ildamlovchi ko‘rsatkichlari taklif omillarining salbiy ta’sirini inobatga olmagan holda IV chorakda ham iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini 5,5 foiz atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Bu bo‘yicha yuqori noaniqlik darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsada, ularning kelgusi dinamikasi bo‘yicha xatar va noaniqliklar mavjud.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatildi.

Eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3 foizga, import — 21,2 foizga va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobarга oshdi. Shuningdek, ushbu davrda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2,8 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

Tashqi iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan ushbu vaziyat, ichki valyuta bozorini muvozanatlashtirib, milliy valyuta almashuv kursi barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi yil boshiga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlandi.

Pul-kredit sharoitlari

Joriy yilning avgust-noyabr oylarida asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qolishi hamda inflyatsiyaning kelgusi yilda kutilayotgan pasayuvchi dinamikasi iqtisodiyotda «nisbatan qat’iy» sharoitlarni ta’minlashga xizmat qildi.

Banklararo pul bozorida o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari noyabrda 14,1 foizni tashkil etib, UZONIA indeksi kichik tebranishlar bilan to‘liq foiz koridori doirasida shakllandi.

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida ham biroz pasayish kuzatilib, oktabr oyida jismoniy shaxslarniki bo‘yicha 20,7 foizga va yuridik shaxslarniki — 16,7 foizga teng bo‘ldi.

Depozitlar bozoridagi ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining joriy yilning o‘tgan 11 oyida sezilarli darajada o‘sishining (1,6 barobar) asosiy omillaridan bo‘lmoqda.

Xatarlar va noaniqliklar

Yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq masalalar transport-logistika va tashish narxlarini oshirishi orqali tovarlar va xizmatlar narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Aholi daromadlarining, shu jumladan, mamlakatga pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sish sur’atlari fonida iqtisodiyotda yalpi talab hajmidagi yuqori ijobiy sur’atlar, yalpi taklifdagi ayrim uzilishlar fonida inflyatsiyaga oshiruvchi bosim o‘tkazishi ehtimollarini yuzaga keltiradi.

Shu bilan birga, global iqtisodiy faollik va ehtimoliy retsessiya bilan bog‘liq xatarlarning saqlanib qolayotganligi, kelgusi yilda tashqi talabni kamaytiruvchi ahamiyat kasb etadi. Geosiyosiy tanglikning davom etishi esa tashqi moliya bozorlarida mamlakatimizning «xatar mukofoti»ning ortishiga olib kelishi mumkin. Ushbu omillar global moliyaviy sharoitlarning qat’iylashib borishi fonida tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarining qisqarish xavfini orttiradi.

Bunday sharoitda, ichki moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishi va umumiy fiskal taqchillikning qisqartirilishi tashqi ta’sirlarni minimallashtirish imkonini beradi.

O‘z o‘rnida, bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi va uning umumiy inflyatsiyadagi hissasining oshib borayotganligi ichki iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddatli xarakterga ega bo‘lib borayotganligini bildiradi.

Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boriladi, deyiladi regulyator sharhida.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 2023 yil 26 yanvar kuniga belgilangan.