Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor tuzilmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahar hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Telegram kanalida xabar berildi.

Tadbir davomida, «Olmazor» metrosi avtoshohbekatida Matiz rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashinada hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, chet elda ishlab chiqarilgan, qiymati 54 mln so‘mlik pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi

Xuddi shunga o‘xshash holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirzo-Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirida ham aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro I.X.ning boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi to‘xtatib ko‘zdan kechirilganda, tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 72,5 mln so‘mlik «Treniya», «Korolevskiy salyut», «S novыm godom» va «9D» nomli pirotexnika vositalarini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 250−1-moddasi (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.