Qatarda bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatining chorak final bosqichi sensatsiyalarga boy ruhda o‘tdi. Chorak final bahslarining ikkitasida: Xorvatiya — Braziliya hamda Niderlandiya — Argentina uchrashuvlarida kuchlar teng bo‘lib, g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Chorak final uchrashuvlarining ikkinchi kunida Marokash — Portugaliya hamda Angliya — Fransiya bahslari bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda sensatsion tarzda marokashliklar g‘alab qozongan bo‘lsa, finalga teng o‘yin deb ta’rif berilgan ikkinchi o‘yinda Fransiya terma jamoasining qo‘li baland keldi.

Xorvatiya — Braziliya 1:1 (penaltilar seriyasida 4:2)

Xorvatiya terma jamoasi nimchorak finalda Yaponiyani mag‘lub etgan edi. Qiziq tomoni shundaki, o‘sha uchrashuvda ham kuchlar teng bo‘lib, jamoalar o‘z kuchlarini penaltilar seriyasi orqali aniqlab olishgan edi. Braziliya terma jamoasi esa bundan oldingi bosqichda koreyaliklar bilan bahsda 4:1 hisobida g‘alaba qozonishgan edi. Ko‘pchilik futbol muxlislari braziliyaliklar xorvatlarga imkon qoldirmasa kerak deb o‘ylayotgan edi. Ammo JCH bahslari sensatsiyalarsiz qiziq bo‘lmaganidek, Xorvatiya terma jamoasi ushbu chempionatning birinchi raqamli favoritini musobaqadan chiqarib yubordi.


Xorvatiya — Braziliya uchrashuvi Education City stadionida bo‘lib o‘tdi va o‘yinni tomosha qilish uchun 43 893 nafar muxlis tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichlari teng — 50% ga 50%. Ammo Braziliya terma jamoasi Xorvatiya darvozasini 14 marta o‘qqa tutdi va shundan 11 tasi darvozaga aniq borgan. Xorvatlar esa Braziliya darvozasiga 6 to‘p yo‘llagan va faqat bittasigina darvozaga aniq borgan. 11 ta aniq zarba 1 ta aniq zarbaga qarshi, hisob esa 1:1. Bu xorvatiyaliklarga gol urish uchun yarimta vaziyatning o‘zi ham yetarli ekanligini ko‘rsatadi. Bu yerda, albatta Xorvatiya terma jamoasi darvozaboni — Livakovichni ham e’tirof etish lozim — u o‘yin davomida 11 ta seyv amalga oshirdi. Braziliya darvozaboni hisobida bitta ham seyv yo‘q. Ochig‘i, o‘yindagi deyarli barcha xavfli vaziyatlar Xorvatiya darvozasi oldida yuzaga keltirildi.


O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi — 0:0. Jamoalar qo‘shimcha bo‘limga o‘tishdi. Birinchi qo‘shimcha bo‘limning oxirida Neymar Xorvatiya darvozasini ishg‘ol qildi va o‘yinda burilish yasadi. Braziliya terma jamoasining goli huddi ertami-kechmi sodir bo‘lishi kerak hodisadek tuyulayotgan edi. Birinchi qo‘shimcha bo‘lim yakunlandi.
Qo‘shimcha bo‘limlar yakunlanishiga 3 daqiqa qolganda Xorvatiya terma jamoasi hisobni tenglashtirdi! Petkovich Braziliya darvozasini ishg‘ol etdi. Bitta aniq zarba va bitta gol. Stadiondagi Braziliya muxlislari bilan Xorvatiya muxlislarining emotsiyalari birdan almashib qoldi. Braziliyaliklar voqealar rivoji umuman yoqmayapti. Vaqt tugadi, hisob 1:1, endi g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlanadi.


Birinchi zarbani xorvatiyaliklar berdi. Vlashovich penaltilardagi hisobni ochib berdi. Rodrigoning zarbasini esa Livakovich qaytardi. Penaltilar seriyasi braziliyaliklar uchun birinchi zarbalardanoq yomon boshlandi. Keyingi zarbalarni ikkala tomon ham qoyilmaqom tarzda amalga oshirdi. Biroq to‘rtinchi zarbaga navbat kelganda, Markinos darvoza to‘siniga zarba berdi. Xorvatiyaliklar to‘rtta zarbaning birontasidayam braziliyaliklarni ayab o‘tirishmadi va ularni musobaqadan chiqarib yuborishdi. Xorvatiya terma jamoasi yarim finalda! Braziliya esa shu yerda musobaqani yakunlaydi. Ehtimol ularning o‘zlari ham bugun Xorvatiyani osonlik bilan yengamiz deb o‘ylashgandir. Ammo futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Niderlandiya — Argentina 2:2 (penaltilar seriyasida 3:4)

Niderlandiya terma jamoasi nimchorak finalda AQSh terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Argentina esa avstraliyaliklar ustidan 2:1 hisobi bilan g‘alaba qozonishgandi. Ushbu jamoalar jahon chempionatlari tarixida ham ko‘p bor o‘zaro to‘qnashishgan. Ushbu bahsda ham futbol mazmunida, ham o‘z ma’nosida juda ko‘p to‘qnashuvlar bo‘ldi. Ushbu o‘yinda JCH uchrashuvlarida doirasida rekord yangilandi: bahs davomida futbolchilarga 18 ta sariq kartochka ko‘rsatildi. Bungacha eng ko‘p sariq kartochka 2002 yildagi JCH`da Kamerun — Germaniya uchrashuvida ko‘rsatilgan (12 ta sariq, 2 ta qizil kartochka).

Niderlandiya — Argentina uchrashuvi Lusail stadionida 88 235 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlar deyarli teng bo‘ldi. Zarba berish bo‘yicha statistika esa 3:10, Argentina oldinda. Aniq zarbalar bo‘yicha hisob: 2:5. Bahs davomida Niderlandiya futbolchilari 30 marotaba, Argentina futbolchilari esa 18 marotaba qo‘pollik ishlatgan.


O‘yindagi hisob 35-daqiqada Argentina terma jamoasi tomonidan ochildi. Messining pasidan so‘ng, Nauel Molina Niderlandiya darvozasini ishg‘ol qildi — 0:1. 2-bo‘limning boshida argentinaliklar yana bir necha bor golga yaqin kelishdi, ammo biroz aniqlik yetishmadi. Ayrim vaziyatlarda esa Niderlandiya darvozaboni qutqarib qoldi. 71-daqiqada Niderlandiya darvozasiga penalti belgilandi. Messi esa darvozabon Noppertni dog‘da qoldirdi. Hisob — 0:2! Ma’lum bir vaqtgacha Argentina ushbu bahsda so‘zsiz g‘olibdek tuyulayotgandi. Ammo 83-daqiqada Niderlandiya terma jamoasi farqni qisqartirdi. Vegorstning goli va hisob — 1:2.


Hakam asosiy vaqtga 10 daqiqa qo‘shib berdi. Maydonda esa haqiqiy jang ketmoqda — ikkala ma’noda ham. Niderlandiya terma jamoasi ketma-ket hujumlar uyushtirmoqda. Qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirgisida Vegorst yana gol urishga muvaffaq bo‘ldi, hisob — 2:2! «Dahshat» o‘yin, shunchaki ajoyib. Hakam xushtagini chalmoqda. Endi o‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tadi.

Ammo qo‘shimcha bo‘limlarda jamoalardan qo‘pol o‘yindan boshqa narsa ko‘rmadik, hisob saqlanib qolindi. Navbat penaltilar seriyasiga. Niderlandlardan birinchi zarbani Virjil van Deyk yo‘lladi. Darvozabon Emiliano Martines uning zarbasini qaytardi! Argentina terma jamoasida esa birinchi zarbani Messi tepdi. Va u Noppert darvozasini ikkinchi bor ishg‘ol etdi. Martines niderlandiyaliklarning (Bergeys) ikkinchi zarbasini ham qaytardi. Navbatdagi ikki gal zarbalarda ikkala jamoa a’zolari ham xatoga yo‘l qo‘yishmadi. Penaltilar bo‘yicha hisob 2:3 va navbatdagi zarbani Enso Fernandes berdi. Ammo u gol ura olmadi. Penaltilar davom etadi. Lyuk De Yongning zarbasi — 3:3. Hozir Lautaro Martines zarbani golga aylantira olsa Argentina yarim finalga chiqadi, agar ura olmasa, seriyalar davom etadi. Lautaro Martinesning zarbasi va gol. Ikkala Martines (Emiliano va Lautaro) Argentina terma jamoasini yarim finalga olib chiqdi. Niderlandiya terma jamoasi esa musobaqani ushbu bosqichda yakunlaydi.


Marokash — Portugaliya 1:0

Marokash terma jamoasi nimchorak finalda Ispaniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgan holda ushbu bosqichga yo‘l oldi. Ispaniyaning marokashliklarga mag‘lub bo‘lishi, o‘yindagi eng asosiy sensatsiyalardan biri deb qaralayotgan edi. Ammo Marokash bu safargi jahon chempionatiga boshqacha syurprizlar ham tayyorlab qo‘yganini isbotlamoqda. Portugaliya terma jamoasi esa nimchorak bosqichida Shveysariya terma jamoasini tor-mor (6:1) etgan edi. Ko‘pchilik muxlislar Portugaliyaning kuchi finalgacha chiqishga yetishini ta’kidlashgan bo‘lishsa, yana boshqa muxlislar finalda Argentina va Portugaliya to‘qnashuvini ko‘rishni xohlashayotganini aytishgandi. Ammo Marokash terma jamoasi Portugaliyani musobaqani shu yerda to‘xtatishga majbur qildi.

Marokash — Portugaliya bahsi «Al-Tumama» stadionida 44 198 nafar muxlis qarshisida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Portugaliya terma jamoasi to‘pga egalik qilish bo‘yicha yaqqol peshqadam bo‘ldi — 27% ga 73%. Zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkichlar esa teng — har bir jamoa 9 tadan zarba yo‘llagan va har birida 3 tadan aniq zarba. Mana shu uchta zarbalardan birini faqat Marokash terma jamoasi golga aylantira oldi va shuning evaziga g‘alabani ilib ketdi.


O‘yindagi yagona gol 42-daqiqada An-Nasiri tomonidan kiritildi. Havodan uzatilgan to‘pga Portugaliya darvozaboni Diogu Koshta ham yugurib chiqdi, ammo to‘pga An-Nasiri birinchi ulgurdi va darvozani ishg‘ol qildi.


O‘yinning qolgan qismida portugaliyaliklar hisobni tenglashtirishga harakat qilishdi, ammo marokashliklar himoyada ham aniq harakat qila olishdi. Hatto ayrim vaziyatlarda qarshi hujum orqali ikkinchi golni kiritishga ham yaqin kelishdi. Portugaliyaga Fernandesh ham, Felish ham, Ramush yoki ikkinchi bo‘limda zahiradan o‘yinga tushgan Ronaldu ham yordam bera olmadi.


Hisob 1:0, Portugaliya terma jamoasi musobaqani tark etdi. Marokash esa Afrika mamlakatlari orasida yarim finalgacha yetib kelgan ilk jamoa sifatida tarixga kirdi. Sensatsion natija. Oldin Ispaniyani, keyin Portugaliyani chiqarib yuborishdi.

Angliya — Fransiya 1:2

Angliya terma jamoasi nimchorak finalda Senegalni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va chorak final bosqichidayoq o‘ta jiddiy raqib — Fransiya terma jamoasiga duch kelishdi. Fransiyaliklar esa nimchorak bosqichida Polshani 3:1 hisobida mag‘lub etishgan edi. Angliya terma jamoasidan bu safargi chempionatda katta natija kutilgan edi. Aslida, ushbu jamoadan har safar katta natija kutiladi, ammo jamoa go‘yoki barcha imkoniyatlarini ishga sola olmayotgan jamoa sifatida taassurot uyg‘otadi. Bir tomondan Fransiya terma jamoasi ham jiddiy raqib… Ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahs «finalga tatigulik o‘yin bo‘ladi» deyilgani bejiz emas.

Angliya — Fransiya uchrashuvi «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi va o‘yinni tomosha qilish uchun 68 895 nafar muxlis tashrif buyurdi. O‘yinda to‘pga egalik qilish borasida Angliya terma jamoasi birozgina ustunlik qildi: 57% ga 43%. Angliyaliklar 12 ta zarba yo‘llashdi, shundan 8 tasi darvozaga aniq yetib bordi. Fransiya terma jamoasi esa 7 ta zarba yo‘lladi, 5 tasi aniq. Darvozabonlar o‘rtasidagi kurashda esa Ugo Loris ustunlik qildi — u 6 ta seyv amalga oshirdi (Pikford esa — 3 ta).

Uchrashuvdagi birinchi golni 17-daqiqada Tchuameni kiritdi va Fransiya terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi — 0:1.

Angliya terma jamoasi birinchi bo‘limning o‘zida hisobni tenglashtirishi mumkin edi, buning uchun jamoada bir nechta qulay vaziyatlar bo‘ldi. Ammo xavfli vaziyatlarda angliyaliklarga yoki aniqlik yetishmadi, yoki darvozabon Loris qahramonlik ko‘rsatdi.

Birinchi bo‘lim Fransiya terma jamoasining 0:1 hisobidagi ustunligi bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘limda, aniqrog‘i 52-daqiqada Fransiya darvozasiga penalti belgilandi va Xarri Keyn bundan qoyilmaqom tarzda foydalanib, hisobni tenglashtirdi — 1:1.

Keyingi daqiqalarda Angliya terma jamoasi endi g‘alaba golini urish uchun harakatni boshladi. Ammo ko‘psonli hujumlar samara bermadi. 78-daqiqada esa Jiru boshi bilan zarba berib, Angliya darvozasini ishg‘ol qildi. Fransiya yana hisobda oldinga chiqib oldi — 1:2. Angliya hisobda oldinga chiqishga urinib, maqsadiga erisha olmayotgan bir paytda, fransiyaliklar yana hisobda oldinga chiqib olishmoqda. 82-daqiqada Fransiya darvozasiga yana penalti belgilandi. Fransiyaliklar jarima maydonchasi ichida Mauntga nisbatan qo‘pollik ishlatishdi. Xarri Keyn penaltidan yana gol ura oladimi? Afsuski, yo‘q. U to‘pni darvozaga aniq yo‘llay olmadi, to‘p darvoza to‘sinidan balandga o‘tib ketdi. Angliya terma jamoasida hisobni tenglashtirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lgan edi. Hisob o‘zgarmadi.

Hakam o‘yinga 8 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Angliya hujumlardan samarali foydalana olmadi. O‘yin tugadi, hisob — 1:2. Fransiya terma jamoasi yarim finalda. Angliya terma jamoasi esa chempionatni shu joyda tark etmoqda. Chindan ham, finalga teng uchrashuv.

Ma’lumot uchun, chorak final bosqichi g‘oliblari endi yarim finalda o‘zaro to‘qnash kelishadi. Xorvatiya — Argentina bahsi 14 dekabr, soat 00:00 da, Marokash — Fransiya uchrashuvi esa 15 dekabr, soat 00:00 da bo‘lib o‘tadi.