JCH-2022`ning 15-kunida yana ikkita nimchorak finali uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda Fransiya terma jamoasi Polshani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi bahsda esa angliyaliklar Senegal terma jamoasini 3:0 hisobida dog‘da qoldirishdi.

Fransiya — Polsha 3:1

Fransiya terma jamoasi o‘z guruhidan 6 ochko bilan, huddi shunday ochko to‘plagan Avstraliyadan gollar soni bo‘yicha oldinda bo‘lgan holda birinchi o‘rinda chiqqan edi. Jamoa 1−2 turlarda Avstraliya va Daniyani yengib, so‘nggi turda Tunisga mag‘lub bo‘lgan edi. Polshaliklar esa so‘nggi turda mundialni guruh bosqichida tark etishlariga sal qolgan edi. Biroq, Saudiya Arabistoni va Meksika terma jamoasi uchrashuvida 1:2 hisobi qayd etilgani sababli, Polsha Meksikadan gollar bo‘yicha ustunlik qilgan holda pley-offga chiqdi.

Fransiya — Polsha bahsi «Al-Tumama» stadionida 40 989 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘yinda aniq zarbalar yo‘llash bo‘yicha 8:3 hisobi qayd etildi, Fransiya oldinda. Fransiyaliklarning ustunligi o‘yindagi hisobda ham o‘z aksini topdi.


O‘yinda Polsha darvozaboni Voysex Shensnining katta jasoratlari ham polshaliklarning g‘alaba qozonishiga yordam bera olmadi. 1-taymda Polsha hisobni ochishga bir necha bor yaqin keldi, biroq aniqlik va omad yetishmadi. Uchrashuvdagi ilk gol 44-daqiqada kiritildi. Olive Jiru Fransiyani hisobda oldinga olib chiqmoqda. U Fransiya terma jamoasi tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanmoqda. Jiru bu borada Terri Anrini ortda qoldirdi.

Ikkinchi taymda Jiru dubl qayd etish uchun bir necha bor yaqin keldi. O‘yindagi ikkinchi golni 74-daqiqada Kilian Mbappe kiritdi — 2:0. 91-daqiqada u dubl qayd etdi. Mbappe bugungi uchrashuvning eng zo‘r futbolchisi bo‘lsa kerak — u bugun o‘z nomiga bitta assist va ikkita gol yozdirib qo‘ymoqda.


97-daqiqada Polsha terma jamoasining hujumlaridan birida to‘p Fransiya futbolchisining qo‘liga tegdi. Hakam VAR aralashuvidan so‘ng Fransiya darvozasiga penalti belgiladi. Zarbani Robert Levandovski amalga oshiradi. Gol! Hisob 3:1 ko‘rinishiga kelmoqda. Biroq vaqt tugadi va o‘yin 3:1 hisobi bilan yakunlandi. Polsha terma jamoasi uyga, Fransiya esa chorak finalga yo‘l oladi.

Angliya — Senegal 3:1

Angliya terma jamoasi o‘z guruhidan 7 ochko bilan, peshqadam bo‘lgan holda chiqdi. Angliyaliklar guruh bosqichida Eron va Uels terma jamoalarini yirik hisobda mag‘lub etgandi. Senegal terma jamoasi esa so‘nggi turda Ekvador bilan bo‘lib o‘tgan bahsda o‘zining pley-off uchun ko‘proq loyiq ekanligini ko‘rsatib qo‘ygan edi. Qatar va Ekvador bilan o‘yindagi g‘alabalar evaziga olinga 6 ochko bilan ular guruhda 2-o‘rinni egallashdi.

Angliya — Senegal uchrashuvi «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi va ushbu bahsni tomosha qilish uchun maydonga 65 985 nafar muxlis tashrif buyurgan. O‘yinda to‘pga egalik qilish bo‘yicha Angliya terma jamoasi yaqqol peshqadam bo‘ldi: 61% ga 39%.

O‘yinning 39-daqiqasida Jordan Xenderson o‘zining terma jamoa safidagi ilk golini kiritdi va Angliyani hisobda oldinga olib chiqdi.

1-taym tugashiga oz qolganda esa Xarri Keyn hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Jamoalar ushbu goldan keyin tanaffusga yo‘l olishdi.

57-daqiqada Bukayo Saka katta sahnaga chiqdi — Fil Fodendan esa assist. Hisob — 3:0. Eduard Mendi bugun o‘z jamoasini qutqara olmayapti. Angliya terma jamoasi safida bugun Jud Belingem juda yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda.

Hisob bundan ham kattaroq ko‘rinish olishi mumkin edi. Angliya terma jamoasi yana bir necha o‘tkir hujumlar uyushtirdi. Hakam o‘yinga 4 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Uchrashuv 3:0 hisobi bilan yakunlandi va Angliya terma jamoasi chorak finalda.

Chorak finalda Fransiya va Angliya terma jamoalari o‘zara kuch sinashishadi. 11 dekabr kuni Toshkent soati bilan 00:00 da boshlanadigan o‘yinda ikkita favorit jamoalardan biri mundialni tark etadi.