Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 7-sinf o‘quvchi qiz o‘zini osib o‘ldirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, 28 noyabr kuni soat taxminan 17:24 larda tumanda joylashgan 241-maktabning 7-«A» sinf o‘quvchisi Oltintepa ko‘chasi, 203-uyda yashovchi 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Z. A. (qiz) yashash hovlisidagi daraxtga o‘zini osib, o‘z joniga qasd qildi. Bunga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.

Sud-tibbiy ekspertizasi Yunusobod filialining 29 noyabrdagi dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limi «bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan tiqilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya»dan yuz berganligi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha. o‘quvchi noto‘liq oilada tarbiya oladi.

«Otasi A. D. 2 yil oldin kasallik bilan vafot etgan. Onasi L. D. ishlash uchun Turkiya davlatiga ketgan. Voyaga yetmagan Z. A. ko‘rsatilgan manzilda 2 nafar akasi (biri oilali va ikkinchisi voyaga yetmagan) bilan birga yashashgan», — deyiladi xabarda.

«O‘quvchi 24, 26, 28 noyabr kunlari dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan, sababi o‘rganilganda o‘quvchining shamollagani aniqlangan. Qiz qo‘shnilar tomonidan yaxshi tavsiflanadi. Sinf rahbari va onasi o‘rtasida doimiy uyali aloqa orqali muloqot qilib turilgan. O‘quvchilar bilan uning o‘rtasida hech qanday noxush holat kuzatilmagan», — deyiladi munosabatda.