Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo-Ulug‘bek tuman sudida 100 ga yaqin shaxsni aldab, ulardan 55 nafarini xorijga sotib yuborgan 3 nafar fuqaroga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Ovoza» informatsion dasturidagi lavhadan ma’lum qilindi.

Aniqlanishicha, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi firibgarlarga ishongan fuqarolar soni qariyb 100 kishini, shulardan 55 nafari ishga joylashtirish maqsadida sotib yuborilgan, 45 nafari esa korxona xodimlariga ishonib, aldangan.

Aholini ish bilan ta’minlash maqsadida ochilgan xususiy korxona vakili va Saudiya Arabistoni fuqarosi so‘roq qilinganda ular o‘z faoliyatini «qonun doirasida» bajarganini aytib, aybni tan olmagan.

«Biz ularni bu yerdan ketish, hamma xarajatlarini qoplab turib, ishga joylashtirganmiz. Xususiy bandlik 500 ta joylashtiribdi, shundan 369 tasi ish ochilgungacha bizni tashkilotdan ketgan. Bu qanaqasi… Bu demakki… kimdir yuqorilab, o‘sib ketayotgan bo‘lsa, sindirish bo‘lyapti», — deydi sudlanuvchilardan biri.

Jinoiy guruh ishtirokchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni fuqarosi ham «hech qanday qonunga xilof ish qilmagani, barcha ishlar rasmiy amalga oshirilgani»ni aytdi.

Ammo videolavhadan keltirilgan audioyozuvlarda korxona xodimi deyilayotgan boshqa bir ayolga jo‘natgan yordam so‘rab murojaat qilgani aks etgan.

«Opa, iltimos, yordam beringlar, soat besh bo‘ldi, uchdan beri shu ahvol. Ikki soatdan beri [bu yerda] muzlab qoldim», — deydi jabrlanuvchi ayol.

Suhbatdagi ayol unga «sizlarning pasportingizni bermaydi. „bo‘ldi opa, bo‘ldi opa“, deyavermagin, qilar ishni qilib, drama o‘ynab o‘tirasizlar. Bo‘ptimi?» — deb javob qaytargan.

Ayblanuvchilar esa «ishdan qaytishni xohlaganlar doimo olib kelingan» deya fikr bildirdi.

Sud jinoyatlarchilarga hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi JK 135- modda 3-qismi «g» bandi, 168-modda 4-qismi «a» bandi va 189-modda 1-qismi bilan aybdor topilib, JKning 59−61-moddalariga asosan, 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum etildi.

Qolgan ikki nafar sudlanuvchilarning har biriga uzil-kesil 8 yil ozodlikdan mahkum qilish jazosi tayinlandi.