30 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

«Turli darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani hamda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sermahsul ishlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan ziyodga oshdi. O‘tgan oyda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

1−2 dekabr kunlari Samarqand shahrida ikki davlat hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, unda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi joriy va istiqbolli kooperatsiya loyihalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mamlakatlar yetakchi sanoat korxonalari va kompaniyalari vakillari ishtirokida qator ishbilarmonlik tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Hududlararo hamkorlik kengaymoqda. Gumanitar almashinuv sohasida uchinchi O‘zbekiston — Rossiya ta’lim forumining samarali natijalari qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, ko‘p tomonlama formatdagi, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

«O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni RF Federal Majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi Rossiya parlament delegatsiyasini qabul qilgandi.