O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari fuqarolarning o‘zaro sayohat qilish shartlarini yangilashni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Zakon.kz tegishli kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bayonnoma loyihasiga tayanib.

Bayonnoma loyihasida aytilishicha, bir tomon davlati fuqarosi doimiy yashash joyidan qat’i nazar, ularning bo‘lib turish muddati davlat chegarasidan kesib o‘tgan vaqtdan boshlab 30 kundan oshmasa, ikkinchi tomon davlatiga kirishi, chiqishi, tranzit o‘tishi, harakatlanishi mumkin.

Hozirda har ikki davlat fuqarolari boshqa davlat hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bor-yo‘g‘i besh kun qolishlari mumkin, deya qayd etadi nashr.

Agar bir davlat fuqarosi boshqa davlatda 30 kalendar kundan ortiq muddatga qoladigan bo‘lsa, u vakolatli organlardan vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olishga majbur.

Bayonnoma loyihasi muhokamalari 12 dekabrga qadar davom etadi.