Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Yangi Andijon shahridagi qurilish ishlari bilan tanishish chog‘ida quruvchilarni nogironlar aravachasiga o‘tirg‘izib ishining sifatini tekshirdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar qildi.

Hokim kanalida e’lon qilingan videolarda ko‘rinishicha, viloyat rahbari quruvchilardan o‘zlari qurgan yo‘laklar bo‘ylab nogironlar aravachasida harakatlanib ko‘rishni va shu tariqa ish sifatini ko‘rishini so‘ragan. Bir necha kishi aravachaga o‘tirib, unda harakatlanishga uringan va noqulayliklarga duch kelgan. Qurilish ishlaridagi kamchiliklar sabab ulardan hech biri ko‘p qavatli uyga ham kira olmagan.

«Hozir bitta nogironni hech qaysing uyingga olib kirolmaysan. Ochiq gaplashaylik. Siz sog‘siz, tasavvur qiling, nogiron odam bo‘lsa, nima qilardi? Bolang, ota-onang, qarindoshing bo‘lishi mumkin, bechoralar nima qiladi? Hammang qurdim-qurdim deb ketyapsizlar, hammasi yaxshi deyapsizlar. Nogironlar ham inson, inson qadri deganda ularni ham inobatga olish kerak. Yangi Andijon shahrida shuni inobatga olmasak, hamma qilayotgan ishimiz bir tiyin bo‘lmaydimi? Hech qancha yurganing yo‘q, uyning ichiga hali kirolmading ham, kiradigan yo‘l ham yo‘q», — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Hokim quruvchilardan keyingi qurilish binolarida quyosh panel, sensorli lampochka, isitiladigan hojatxona, nogironga sharoit bo‘lishini ta’kidladi.