VietJet Air aviakompaniyasi O‘zbekistondan Vetnamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda, deya xabar bermoqda Uzbekistan airports matbuot xizmati.

26 dekabrdan 2023 yil 23 martgacha VietJet Air Kamran — Toshkent — Kamran yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Tegishli kelishuv aviatashuvchi va Uzbekistan airports o‘rtasida imzolandi.

Parvozlar 367 yo‘lovchiga mo‘ljallangan qulay A-330 samolyotlarida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda parvozlar haftada bir marta charter asosida amalga oshiriladi. Bunga parallel ravishda O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, VietJet Air xalqaro arzon aviakompaniya bo‘lib, Vetnamda tashkil etilgan birinchi xususiy aviakompaniya hisoblanadi. U besh yil davomida (2017−2021) eng yaxshi ultra arzon aviakompaniya sifatida e’tirof etilgan.