Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, agentlikka Zo’r TV kanalida namoyish etilgan «Omadingizni bersin» o‘yinida qo‘lga kiritgan yutuqlarini ololmayotgan fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan. Aniqlanishicha, bugungi kunga kelib, teleo‘yin ishtirokchilarining umumiy yutuqlari 2 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot berilishicha, ko‘rsatuvning 13-sonida Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi X.X bir qator sovrinlarni yutib oldi. Jumladan:

  • Kir yuvish mashinasi;
  • Muzlatgich;
  • Gaz plitasi;
  • Mikroto‘lqinli pech;
  • Changyutgich;
  • Planshet;
  • Smartfon;
  • yana 50 million so‘m.

Xabarda aytilishicha, g‘olibni telekanalda ko‘rsatishadi, g‘olib deb e’lon qilishadi, ammo ko‘rsatuv suratga olingandan so‘ng, teleo‘yin nizomiga ko‘ra, teleo‘yin efirga uzatilgandan so‘ng 90 bank ish kuni ichida homiydan sovrinlar berilishi mumkinligini xabardor qilishadi. Ammo aytilgan muddat tugagach ham sovrin yetkazib berilmaydi.

Xuddi shunga o‘xshash holatga ko‘rsatuvning 4-sonida ishtirok etib, 20 million so‘m yutib olgan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi M.U. ham duch keldi.

«Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi O.J. 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan 10-sonda bir yo‘la 10 million so‘m, kir yuvish mashinasi, noutbuk va Nexia 3 avtomashinasini yutib oldi. Lekin shu kungacha kutgan sovrinlari va mashinasi ham berilmadi» — deyiladi xabarda.

Joriy yilning 28 may kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi A.M. yutgan «Damas» avtomashinasini ham yetkazilmadi.

Namangan viloyatida yashovchi M.M. gaz plitasi, changyutgich, 2 dona smartfon, velosiped, planshet, noutbuk, 20 million so‘m yutib oldi. Shu kungacha u ham sovg‘aga ega bo‘lmadi.

Noutbuk, smartfon, muzlatgich, changyutgich va «Damas» avtomashinasini qo‘lga kiritganlardan yana biri Xorazm viloyatida yashovchi A.R. ham hanuzgacha o‘z yutuqlarini kutmoqda.

Agentlik so‘rovi va o‘yin homiysi taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, namoyish etilgan ko‘rsatuvning jami 15 ta soni g‘oliblaridan faqat 1,2,3 va 12-sonlarida bir nafardan ishtirokchi o‘z yutuqlarini qo‘lga kiritgan, xolos. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutishmoqda.

Teleo‘yinga ishtirok etish va sovrin yutish umidida respublikaning turli viloyatlaridan ishtirokchilar poytaxtga kelishgan.

Agentlikning ma’lum qilishicha:

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o‘ynaladigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish chog‘ida reklama beruvchi rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e’lon qilishi shart.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko‘rsatuvchi iboralar bo‘lmasligi kerak.

Tegishli mukofot fondi mavjud bo‘lmagan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi.

Undan tashqari ishtirokchilari teleo‘yin nizomidan xabardor bo‘lmagan va ularga ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilmagan. Bu bilan qonunning 21-moddasiga xilof ish tutilgan.

O‘z navbatida Agentlikning maxsus komissiyasi tomonidan «MIA- MAA» MЧJга nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunining 6 va 21-moddalari talablari buzilganligi holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Shu bilan birga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.