Qashqadaryo viloyatida 2022 yilning 9 oyida 552 ta korrupsion jinoyatlar sodir etildi va bu o‘tgan yilga nisbatan 114 taga oshgan. Bu haqda viloyat hokimi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat kengashi raisi Murotjon Azimov navbatdagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hokimlik, moliya va g‘aznachilik boshqarmasi xodimlaridan 34 nafari tadbirkorlik subyektlarida ta’sischi yoki rahbar sifatida ishlamoqda. Qonunchilikda davlat fuqarolik xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi ta’qiqlangan.

Shundan, 1 tasi hokim, 16 tasi hokim o‘rinbosari, 4 tasi hisobchi, 3 tasi yurist, 1 tasi kadrlar tarmog‘i rahbari, 2 tasi hokim yordamchisi, 1 tasi matbuot kotibi (PQ-4366 qaror bo‘yicha rahbar o‘rinbosariga tenglashtirilgan), 2 tasi moliya bo‘limi boshlig‘i, 4 tasi moliya va g‘aznachilik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.

«Korrupsiyani olini olishda raqamning katta-kichikligi muhim, bu sohada raqam o‘z so‘zini aytadi. O‘tgan 9 oy davomida tegishli organlar bilan birgalikda sohalarni korrupsiyadan tozalashni jadallik bilan olib bormaganimizda ko‘plab mablag‘lar o‘z-o‘zidan poraxo‘rlarni cho‘ntagiga tushgan bo‘lar edi. Biz shu mablag‘larni davlatga qaytardik. Davlat esa xalq farovonligiga sarflash orqali xalqni rozi qilishdan manfaatdor», — dedi kengash raisi.

Shuningdek, u prezidentning davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishdagi nutqini eslab o‘tdi. O‘shanda davlat rahbari «Tasavvur qiling, davlat qanchadan-qancha pullarni yo‘qotmoqda! Bu pulga qancha maktab, qancha bog‘cha va yo‘l qurish mumkin edi. Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda. Nega shuni hokimlar o‘ylamaydi?», — deya ta’kidlagandi prezident.