23 noyabr kuni Surxondaryoda DXX xodimlari tomonidan noqonuniy «yer savdosi»ga chek qo‘yish uchun tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura Departamentining Denov tuman bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tezkor tadbirda 100 ming AQSh dollariga yer sotishni rejalashtirgan shaxs qo‘lga olindi.

Tafsilotlarga ko‘ra, Denov tumanida yashovchi, «Qoraxon Xalifa Denov» fermer xo‘jaligi raisi M.X. o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 1 gektar yer maydonini fuqaro I.Q.ga 100 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, ushbu pullardan 20 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.