Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi «T.ch.» MCHJ rahbari X.Y. va boshqalar kredit mablag‘i evaziga sotib olingan qoramollarni go‘yoki «J-R.» fermer xo‘jaligiga sotilgani haqida soxta hujjatlarni rasmiylashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Korxona rahbari ushbu hujjatlar asosida 100 bosh qoramolni naqd pulga sotib yuborib, jami 2,3 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Shu kabi holat Toshkent shahrida ham aniqlandi. Aniqlanishicha, «A.S.» korxona rahbari Yo.T. bank filialidan ajratilgan 2,1 mlrd so‘m kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan metall mahsulotlarini naqd pulga sotib yuborgan.

Shuningdek, kreditni qaytarmaslik maqsadida, garovga qo‘yilgan omborxona binosini taqiqdan yechish to‘g‘risida bankning xati va muhrini qalbakilashtirib, omborxonaga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga erishgani aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.