20 noyabr kuni tushlik vaqtidan so‘ng, Qozog‘istondagi prezidentlik saylovlarini kuzatib borayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Falastin, Italiya, Armaniston, Gruziya, AQSh, Kanada, O‘zbekiston, vakillari ishtirokida brifinglar o‘tkazilmoqda. «Gazeta.uz» ularning saylov jarayoni haqidagi fikrlarini bir materialga to‘pladi.

Falastin

Foto: Prezident huzuridagi Markaziy kommunikatsiya xizmati.

Xalqaro va mahalliy OAVlar xodimlari bilan suhbatda Falastinning Qozog‘istondagi elchisi Montaser Abuzeid yarim kun davomida 13 ta saylov uchastkasiga borishga ulgurganini ma’lum qildi.

«Qozog‘istondagi saylovlarda jami 4 marta ishtirok etganman. Bu safarga saylovda hozirgi vaqt [mahalliy vaqt bilan soat 14:0]ga qadar hech qanday qoidabuzarlik sodir bo‘lmadi. Hozirgacha 13 ta saylov uchastkasiga bordim. Mahalliy kuzatuvchilarning o‘zi urnalarni nazorat qilayapti, ularga hech kim ortiqcha narsa tashlamayapti. Mahalliy kuzatuvchilar 6 ta nomzodning vakili hisoblanadi. Har biri o‘zining nomzodining huquqini himoya qilmoqda», — dedi u.

Qolaversa, u bir vaqtning o‘zida barcha joyda bo‘la olmasligini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Yuqori darajadagi tayyorgarlik, yaxshi tashkillashtirilgan. Biz hech qanday qonunbuzarlikni sezmadik. Odamlar yaxshi kayfiyatda, ixtiyoriy ravishda ovoz bermoqda, ularga hech kim bosim o‘tkazmayapti. Mahalliy kuzatuvchilar esa hozircha hech nimadan shikoyat qilishmadi», — deya ta’kidladi Falastin elchisi.

U jurnalistlarning savoliga javob bera turib, qayerga borishni faqat u va uning yordamchisi bilishini qo‘shimcha qildi.

«Barcha saylov uchastkalarining manzilini olib, samolyotda uchib boshqa hududga borishimizni hisobga olgan holda, Ostonadagi uchastkalarni tanladik. Qaysi manzilga borishimizni faqat yordamchim biladi, o‘zimiz xohlagan joydagina kuzatuv o‘tkazdik. Mahalliy hokimiyat yoki hukumatdan hech kim bizga hamrohlik qilmadi», — dedi u.

«Asosiysi hech bir qozog‘istonlik uchastkadan norozi bo‘lib qaytib ketmasin. Aslida, bizni vazifamiz ham shundan iborat», — dedi elchi.

Italiya


Navbatdagi anjuman Vision and Global Trends xalqaro instituti raisi Tiberio Gratsiani va Osiyo masalalari bo‘yicha Italiy instituti bosh kotibi Domeniko Palmiyeri bilan o‘tkazildi.

«Qozog‘iston — juda yosh respublika. Ilk 20 yil ichida ushbu yosh davlatda ko‘p narsalarni qilish zarur edi. Biz iqtisodiy tahlil o‘tkazdik va iqtisodiy o‘sishni kuzatdik. Bu jamiyatdagi o‘zgarishlarga olib keldi. Hozir demokratiyaning yuqori darajasini ta’minlash muhim, motivatsiyaga ega fuqarolar kerak. Hozir esa ayni shu tarixiy vaqtdir. Men so‘nggi bor 2019 yildagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida, aynan Ostonada bo‘lganman. Bugun 6 ta uchastkada bo‘ldim. Saylovchilarning erta tongdan ovoz berishga borishayotganini ko‘rib, ochig‘i hayron qoldim. Bizda, Italiyada bunday bo‘lmagandi. Hech qanday qoidabuzarlikni uchratmadim, hammasi yaxshi o‘tdi», — dedi u.

Domeniko Palmiyerining aytishicha esa, u Qozog‘istonga ilk tashrifi.

«Qozog‘istonga birinchi marta tashrif buyurishim, bu kuzatuvchi sifatida shu mamlakatdagi ilk tajribam. Sizning Rimdagi elchixonangiz meni taklif qilishganida juda ham xursand bo‘ldim. Chunki Qozog‘iston haqida ko‘p eshitganman. Hozirga qadar (tushgacha) 10 ta saylov uchastkasida bo‘ldik. Men baxtli insonlarni a’lo kayfiyatda ko‘rganimdan juda xursandman», — dedi u.

Armaniston


«Alternativa» tadqiqot markazi ta’sischisi Tatul Manaseryanning fikricha, Qozog‘istondagi saylovlardagi shaffoflikni e’tirof etdi.

«Biz bir qancha saylov uchastkalarida bo‘ldik. Birinchi bo‘lib, saylovlarning tashkil etilishi va shaffof, ochiqligini e’tirof etmoqchiman. Shu bilan birga ta’kidlashim joiz, saylovchilarda g‘urur, umid va optimistik kayfiyat kuzatildi, ko‘pchilik saylov qutilari oldida suratga ham tushmoqda. Biz saylov uchastkalarida hozirga qadar hech qanday qoidabuzarliklarni qayd etmadik», — dedi Armaniston vakili.

Gruziya


Kavkaz xalqaro universiteti professori, xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Vaxtang Maisaya erta tongdan 18 ta saylov uchastkasida bo‘lishga ulgurganini ma’lum qildi.

«Eng asosiysi, saylovlar Qozog‘iston qonunchiligi va xalqaro normalar ruhiyatida tashkillashtirildi. Saylovchilarning ishtirok soat 12 dayoq ancha yuqori ko‘rsatkichni (Qozog‘iston MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 12:05 da 38,55% — tahr.) qayd etdi. Boshqa davlatlar, ayniqsa sobiq sovet mamlakatlari uchun imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus urnalar o‘rnatilganini bilish juda qiziqarli va foydali bo‘ldi», — dedi gruziyalik siyosatchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, saylovlar do‘stona va yaxshi muhitda o‘tmoqda.

Kanada


Kanada senatori, Qozog‘iston — Kanada parlamentlararo hamkorlik guruhining hamraisi Viktor Ou saylov barchasi yaxshi o‘tayotganini ta’kidladi.

«Men kuzatuvchiman va kuzatuvlarimga ko‘ra, Kanada saylov tizimi bilan hech qanday farqi yo‘q. Kanadada biz demokratik saylovlarni ta’minlash uchun yaxshi tizimga egamiz. Va bu yerda katta farqni ko‘rmadim. Sizni qo‘lingizdagi byulletenga yashirin ravishda qaysi nomzodga ovoz berishingizni kiritasiz va uni urnaga tashlaysiz. Meni taxminimcha, bu yerdagi tizim yaxshi», — dedi u.

AQSh


Wikistrat Global Consultancy katta ilmiy xodimi, AQShning Mustaqil kuzatuvchilari missiyasi a’zosi Richard Uilyam Vayq Olmaota shahridagi bir qancha saylov uchastkalarida hosil qilgan taassurotlarini aytib berdi.

«Hozircha hammasi joyida, men allaqachon 6 ta joyda bo‘ldi. Ishtirok odatdagidan ozgina yaxshiroq. Biz ko‘plab — mahalliy, partiyalarni, xalqaro kuzatuvchilarni ko‘rdik. Men hozircha huquq buzilganini ko‘rmadim. Hech qanday norozilik bo‘lmadi, ovoz berish jarayoniga biron qarshilik ko‘rsatilmadi. Hozircha barchasi joyida. Hozircha men ko‘rganlarimdan juda mamnunman», -deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Tengrinews.kz.

U kun davomida 20 ta saylov uchastkasiga borib ko‘rishni reja qilayotganini qo‘shimcha qildi.

«Biz amerikalik kuzatuvchilar yetishmayapti, deb hisoblaymiz. Bizga Qozog‘iston qiziq, chunki Qozog‘iston muhim davlat. Bu men kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan beshinchi saylov», — dedi Vays.

O‘zbekiston

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev ham tushdan keyin o‘tkazilgan brifingda Qozog‘istondagi saylov jarayonlarini O‘zbekistondan xalqaro tashkilotlar missiyalari doirasida 18 kishi kuzatib borayotganini ta’kidladi.

«Ostonada 6 kishi, qolaversa, Olmaota va Chimkentda 12 kishi. Qayd etishim joiz, barcha sharoitlar yaratilgan va meni yoshlarning yuqori faolligi hayron qoldirdi. Bu yoshlar o‘zining mamlakati kelajagiga befarq emasligini ko‘rsatmoqda. Bu quvonarli. Yuqori darajada tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgan va u bugun o‘z natijasini bermoqda», — dedi u.

O‘zbekiston missiyasi rahbari Qozog‘iston tomoni tavsiyasi asosida Ostona shahri va Akmola viloyatidagi uchastkalarda bo‘lganini qo‘shimcha qildi.