18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Senatning yalpi majlisida moliya vaziri Timur Ishmetov budjet mablag‘larini maqsadli va to‘g‘ri o‘zlashtirish masalasiga e’tibor qaratdi.

«Haqiqatdan ham bu [o‘zlashtirish] masala uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan muammo. Bu ishni tashkillashtirishda boshqa vazirliklarda ham tizimli muammolar kuzatilmoqda. Ikkinchi tomondan, bizni kamchiligimiz, budjetni shakllantirishdagi [ishlovchi] intizomning yo‘qligidir. Biz birorta vazirlikdan vaqtida va sifatli ma’lumot olmaganmiz. Buning ortidan taqdim etilgan raqamlar qayta va qayta ko‘rib chiqiladi va ularni amalga oshirish tasdiqlangan budjetni takror ko‘rib chiqishni talab etadi», deydi Timur Ishmetov.

Vazir, shuningdek, resurslar cheklangan paytda ko‘tarilayotgan masalalarning muhimlilik darajasini aniqlashtirib olishga harakat qilish kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, moliya vaziri budjetdan tashqari jamg‘arma va tashkilotlar pulini noqonuniy o‘zlashtirish masalasini hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerakligini aytib o‘tdi.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi kamchiliklarni to‘liq yoritmaslik va hisobotlarda tahlil qilishning kamligi yuzasidan berilgan savolga moliya vaziri javob berdi.

«Hisobotning yangi shaklini tasdiqlash bo‘yicha birlamchi kelishuvimiz bor. Uni qonun bilan tasdiqlab, Quyi palata roziligida kelgusi yildan taqdim etishni boshlaymiz. Davlat xaridlarida kuzatilayotgan kamchiliklarni yashirishdan Moliya vazirligi ham hukumat ham manfaatdor emas. Buning isboti sifatida faoliyat yuritayotgan [davlat xaridlari] portalni keltirishimiz mumkin. Portalda hamma ma’lumotlar bor. Ammo sizlardan va boshqa foydalanuvchilarning tanqidlaridan kelib chiqib portalni qayta ishlab chiqdik. Tegishli xalqaro moliyaviy tashkilotlarning yordamini olib, xalqaro andazaga moslab, ularning grantlarini olib ishlab chiqdik. Keyingi yil 1 yanvardan portal yangi shaklda ishga tushadi. Unda kamchiliklar aniq ko‘rinib turadigan bo‘ladi», — deya javob berdi moliya vaziri.

Shuningdek, Ishmetov baza kattaligi sabab oddiy foydalanuvchi portaldan kerakli ma’lumotni topishda qiynalishini ta’kidlab, tanqid va takliflardan kelib chiqqan holda portalni yanada takomillashtirish choralarini ko‘rib borilishini aytdi.