Samarqand va Marhamat tumanlari hamda Buxoro va Olmaliq shahrida yerni noqonuniy ravishda sotishga uringanlar qo‘lga olindi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Qayd etilishicha, Buxoro shahar bo‘limi tomonidan IIB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Fuqarolar R.X. va S.K. (muqaddam sudlangan) fuqaro G‘.G.ni, unga Buxoro tumani «Bog‘dasht» MFY hududidan «S.K» MCHJga ko‘p qavatli uy-joy kompleksi qurish uchun 1,12 gektar yer maydonini ajratish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan bo‘lsada, unga ushbu yer maydonini 120 000 AQSh dollariga sotishlarini aytib ishontiradi.

Ular G‘.G.dan tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 70 000 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Departamentning Samarqand tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «A.S.» MCHJ rahbari M.A. 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga MCHJga intensiv tokzorlar barpo qilish uchun ajratilgan 4 gektar yer maydonini yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun 50 000 AQSh dollariga sotishini aytib, tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 30 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, departamentning Olmaliq shahar bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.Yu. boshqa bir fuqaro Sh. B.ga yuqori lavozimida ishlovchi tanishlari orqali o‘zi raislik qilib kelayotgan «Z.» bog‘dorchilik uzumchilik shirkatiga qarashli 20 sotix yer maydoniga egalik qilish huquqini beruvchi order olib berish evaziga 23 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Departamentning Marhamat tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro X.X. o‘ziga M.Tojiboyev massivida issiqxona qurish uchun ajratilgan 20 sotix yer maydonining 4 sotixini tanishlari orqali fuqaro G. A.ning nomiga turar-joy qurish uchun rasmiylashtirib berish evaziga 7 200 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.